O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrdagi 407-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.
Bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a‘zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma‘rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha‘ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his qilamiz.
Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir.
Respublikamiz davlat bayrog‘idagi ramzlar O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning an‘analarini o‘zida mujassamlashtirgan.
Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Bayroqdagi oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.
Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.